Qanday qilib bir nechta kreditni birdaniga va tezroq to‘lash mumkin?

Agar siz turli banklardagi bir nechta kreditni to‘lashingiz kerak bo‘lsa, ishni to‘lov jadvalini tuzishdan boshlang. Uni nafaqat miyangizda, balki qog‘ozda yoki raqamli formatda, masalan, qaydlar ilovasi yoki taqvimda ham yozib qo‘ying. Bu har oyning boshiga byudjetni oldindan rejalashtirish va to‘lovlar uchun zarur mablag‘larni ajratishga yordam beradi. O‘zbekistondagi ba’zi banklar to‘lov sanasidan oldin SMS-xabarnoma jo‘natadi, lekin muddati kechikishining oldini olish maqsadida muddatlarni mustaqil ravishda kuzatib boring.
Agar siz kreditlarni nafaqat o‘z vaqtida, balki rejalashtirilganidan ham tezroq to‘lashni xohlasangiz, u holda "qor uyumi", “qor ko‘chkisi” va qarzlarni konsolidatsiyalash kabi samarali usullar mavjud.
1. Qor uyumi usuli
Bu usul eng kichik qarzlardan boshlab qarzlarni bosqichma-bosqich to‘lashni nazarda tutadi.
Qanday harakat qilish kerak:
- Barcha kreditlaringiz, shu jumladan, kredit kartalari bo‘yicha qarzdorlik ro‘yxatini tuzing va ularni eng kichik qarzdan eng katta qarzga qarab joylashtiring.
- Har bir qarz bo‘yicha minimal to‘lovlarga mablag‘ ajrating.
- Qarzlarni to‘lashga har oyda qancha qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirishingiz mumkinligini hisoblang.
- Barcha kreditlar bo‘yicha minimal to‘lovlarni to‘lab, qo‘shimcha pulni eng kichik qarzni to‘lashga yo‘naltiring.
- Birinchi qarzni to‘liq to‘lagandan so‘ng, uning minimal to‘lovini ro‘yxatdagi keyingi qarzga qo‘shing. Barcha qarzlarni to‘lamaguningizcha bu jarayonni davom ettiring.
Nima uchun bu ish beradi:
“Qor uyumi” usuli psixologik nuqtayi nazardan yaxshi. Siz tezda taraqqiyotni ko‘rasiz, bu esa oldinga qarab harakatlanishga undaydi. Har bir kreditni yopishdan qoniqish intimozni saqlashga yordam beradi.
2. Qor ko‘chkisi usuli
"Qor ko‘chkisi" usuli foizlar bo‘yicha ortiqcha to‘lovlarni kamaytirishga qaratilgan.
Qanday harakat qilish kerak:
- Qarz summasidan qat’i nazar, foiz stavkasining pasayishi tartibida kreditlar ro‘yxatini tuzing.
- Har bir qarz bo‘yicha minimal to‘lovlar uchun mablag‘larni aniqlang.
- Kreditlarni qoplash uchun qancha qo‘shimcha mablag‘ ajratishingiz mumkinligini hisoblang.
- Barcha kreditlar bo‘yicha minimal to‘lovlarni amalga oshiring, qo‘shimcha pulni esa eng yuqori foiz stavkasi bilan qarzni to‘lashga yo‘naltiring.
- Birinchi kredit to‘liq qaytarilgandan so‘ng, uning minimal to‘lovini ro‘yxatdagi keyingisiga qo‘shing.
Kimga mos keladi:
"Qor ko‘chkisi" usuli, ayniqsa, agar sizda yuqori foizli kredit kartalari bo‘yicha qarzlar mavjudligida qo‘l keladi. Bunday qarzlarni qancha tez qaytarsangiz, banklarga shuncha kam ortiqcha to‘laysiz.
3. Kreditlarni birlashtirish
Agar sizning turli banklarda bir nechta kreditlaringiz bo‘lsa, ularni bitta bankda birlashtiring.
Bu qanday ishlaydi:
- Bank sizning qarzlaringizni boshqa kreditorlarga to‘laydi va siz faqat unga qarzdor bo‘lib qolasiz.
- Yangi kredit ko‘pincha pastroq foiz bilan rasmiylashtiriladi, bu esa ortiqcha to‘lovlarni kamaytirishga yordam beradi.
- Sizga bir nechta to‘lov o‘rniga bitta to‘lovni kuzatib borish, shuningdek, muddati kechikishidan qochish osonroq bo‘ladi.
Afzalliklari:
- To‘lovni unutish ehtimoli kamroq.
- Agar birlashgan kredit yanada qulayroq shartlar bilan taqdim etilsa, foizlar bo‘yicha ortiqcha to‘lovlarning pasayishi.
- Byudjetni rejalashtirishdagi qulaylik.
Kimga mos keladi:
Yaxshi kredit tarixiga ega bo‘lgan qarz oluvchilar konsolidatsiya(birlashish)dan foydalanishlari mumkin. Agar sizda muddati o‘tgan qarz bo‘lsa, bu xizmatni olish imkoniyati kamayadi.
Qarzlarni samarali boshqarish bo‘yicha maslahatlar
- Byudjetni rejalashtiring: Barcha to‘lovlar sanasi va summasini yozib, to‘lov jadvalini tuzing.
- Yangi qarzlardan saqlaning: Joriy qarzlarni to‘lamaguningizcha qo‘shimcha qarz olmang.
- To‘lovlarni ko‘paytiring: Imkoniyat tug‘ilsa, minimal to‘lovlardan ko‘proq summani kiriting.
Qarzlarni to‘lashga to‘g‘ri yondashish nafaqat kreditlarni tezroq to‘lashga, balki moliyaviy holatingizni ham yaxshilashga yordam beradi.